Buyuk alloma Hakim at-Termiziy
Hakim at-Termiziy majmuasini 2017-yil 600 mingdan ziyod mahalliy va mingga yaqin xorijlik sayyoh ziyorat qildi
Buyuk alloma Hakim at-Termiziy bobomiz diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan. Ma’lumotlarga qaraganda, mutafakkir bobomiz 400 dan ortiq asar yozgan. Ularning 50 dan ziyodi bizgacha yetib kelgan. “Navro‘znoma” asari, ayniqsa, mashhur.
Amudaryo bo‘yida joylashgan buyuk mutafakkir ziyoratgohi mustaqillik yillari viloyatdagi eng obod, eng ko‘rkam maskanlardan biriga aylandi. Bu muqaddas dargohga ziyoratga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Majmua ijrochi direktori Abduraim Choriyevning aytishicha, o‘tgan yili bu yerga 600 mingdan ortiq mahalliy va mingga yaqin xorijlik sayyoh tashrif buyurgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida majmuani yanada obodonlashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish borasida topshiriqlar bergan edi. Xususan, maqbara ichki bezaklarini surxondaryocha uslubda, shuningdek, Buxorodagi Bahouddin Naqshband majmuasi va poytaxtimizdagi Minor jome masjidida qo‘llanilgan bezaklardan foydalangan holda ta’mirlash lozimligini ta’kidlagan edi.
O‘tgan davr mobaynida bu yerda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari bajarildi. Maqbaraning ichki qismi to‘liq rekonstruksiya qilinib, naqshinkor jilo berildi, muqaddas Qur’on oyatlari bitildi.
Buyuk ajdodimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas go‘sha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylangan.