yangiliklar

Uzbekistonda bir kunlik mehnat bozorini tartibga soluvchi Job Cafe mobil ilovasi ishlab chiqildi

           Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasi turli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy qilishga qaratilgan loyihalarni muhokamasiga bag‘ishlangan qator tadbirlarni amalga oshirmoqda.

13 fevral kuni “Job Cafe” mobil ilovasining demo varianti taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

“Mazkur ilova mobil telefoni orqali ishlaydi. Unda kunlik ish qidirayotgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirib boriladi. Ro‘yxatlar ish qidiruvchilar hamda hududiy agentlar, yagona darcha, call centre operatorlari yordamida tuzilishi nazarda tutilgan bo‘lib, kunlik ish qidirayotgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar shaffofligi ta’minlanadi. Bu o‘z navbatida ham bir martalik ish beruvchilarga, ham bir martalik ish qidiruvchilarga ham qulaylik tug‘diradi”, — deydi Ilg‘or texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi bo‘limining yetakchi mutaxassisi Rustam Ibrohimov.

Ta’kidlanishicha, ilova faqatgina bir martalik ish qidiruvchilarni ish bilan ta’minlab, bir martalik yumushini amalga oshirish uchun ish kuchi yollagan fuqarolarning talablarini qondirish bilan chegaralanib qolmaydi.

Loyiha ish qidiruvchilar, deylik, har uch oyda bir marotaba shifokor ko‘rigidan o‘tishlari, har bir ish qidiruvchiga alohida ID karta ochilishi yoki QR kod berilishi, ularning ijtimoiy muhofaza qilinishi kabi masalalarni hal etishga qaratilgan.

“Loyiha bir martalik ish qidiruvchilar huquqlari buzilishining oldi olinishiga, haq-huquqlari muhofaza qilinishiga xizmat qiladi. Xizmatchilarning bir martalik shartnoma bilan xizmat ko‘rsatishlari ishchi va ish beruvchi o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilishga asos bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, har bir ishchi/xizmatchi uchun mehnat daftarchasining ochilishi va fuqarolarning istagiga ko‘ra ma’lum miqdordagi mablag‘larning tegishli davlat idoralariga o‘tkazilishi keyinchalik ularning pensiya ta’minotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga zamin yaratadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

  Top.Mail.Ru