Buyuk allomalarimiz merosi – bebaho xazina

Дата: 04 sentbr 2017

                                Samarqandda “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

                Unda BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO, Jahon sayyohlik tashkiloti – YuNVTO, Islom hamkorlik tashkiloti – IHT, Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi – AYSESKO, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi – IRSIKA kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mas’ul xodimlari, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy, Eron, Ozarbayjon, Rossiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan olimlar, jahonning yirik ilm-fan va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.alt

          YuNESKO shafeligidagi mazkur konferensiya 2014-yil Samarqandda o‘tkazilgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi konferensiyaning mantiqiy davomi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlarning tarixiy merosini chuqur o‘rganish, tadqiq etish, jahon jamoatchiligini ularning aniq va tabiiy fanlar, islom madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yanada keng tanishtirish, ilmiy markazlar va olimlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil oktabr oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida yurtimizdan yetishib chiqqan islom olami mutafakkirlari asarlarini, ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, dunyoning barcha xalqlariga islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 21-mayda Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. Ayni paytda ushbu majmua qurilishi qizg‘in davom etmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda poytaxtimizda O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi. Prezidentimizning 2017-yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bu sa’y-harakatlar muqaddas zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini chuqur tadqiq etish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish hamda yosh avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.

Anjumanning ochilish marosimida Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifai, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Badarch Dendev, AYSESKO bosh direktori Abdulaziz Usmon at-Tuvayjri, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev, IRSIKA bosh direktori Xalit Eren Markaziy osiyolik allomalarning dunyo tamaddunida tutgan o‘rni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi. Ayniqsa, islom madaniyati rivojida Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislarning beqiyos xizmatlari qayd etilib, ularning merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish bugungi globalashuv davrida nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuksak e’tirof etilib, bu dunyo xalqlarini birlashtirish, islom niqobi ostida harakat qilayotgan turli ekstremistik oqimlarga qarshi kurashishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi. 


– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi bizning tashkilotimiz tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi, – deydi Islom hamkorlik tashkiloti departamenti direktori Maxla at-Talebna xonim. – Bu, avvalo, Imom Buxoriy hazratlarining eng sara va ishonchli hadislarni to‘plab, muqaddas islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgani bilan bog‘liq. Ushbu merosni o‘rganish va yosh avlodga o‘rgatish barcha zamonlarda ham dolzarb vazifa bo‘lib qoladi. Yana bir muhim jihat, dunyodagi bugungi notinch vaziyat, turli mintaqalarda yuz berayotgan terrorchilik harakatlarining islom dini bilan bog‘lanayotganidir. Vaholanki, islom dinining asosini ma’rifat va ma’naviyat tashkil etadi. Buni bugungi va kelajak avlodlarga Imom Buxoriy singari buyuk muhaddislar ilmiy merosi orqali yetkazish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Xalqaro konferensiyaning yalpi majlisida Markaziy Osiyo renessansining o‘ziga xos xususiyatlari, bu davrda faoliyat ko‘rsatgan allomalar va ularning merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy ishlar, ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

– Markaziy Osiyo renessansida Buyuk Ipak yo‘li muhim o‘rin tutgan, – deydi Xitoy xalqaro tinchlik fondi raisi Li Ruo Hong. – Bu yo‘l shunchaki tovar olib o‘tish yoki xizmat ko‘rsatish uchun vosita bo‘lib qolmay, turli xalqlarning madaniyatini targ‘ib etish, ilm-fanni rivojlantirish, Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘lashga xizmat qilgan. Samarqand esa Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi sifatida ilm-ma’rifat, madaniyat markaziga aylangan. Shu nuqtai nazardan bugungi anjumanning bu qadimiy shaharda o‘tkazilishi bejiz emas. Ayni kunlarda bu yerda davom etayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ham dunyo xalqlari milliy san’ati va madaniyatini rivojlantirish, targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Markaziy Osiyoda IX-XII va XIV-XV asrlarda ro‘y bergan ilmiy-madaniy uyg‘onish davrining turli jihatlari, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlarning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi ulamolarning ma’naviy merosi tahliliga alohida e’tibor qaratildi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya “Markaziy Osiyo Renessansi davrida aniq va tabiiy fanlar rivoji”, “Markaziy Osiyo – islom ilm-fanining ilg‘or g‘oyalari beshigi”, “Markaziy Osiyo Renessansi davrida gumanitar fanlar”, “Madaniyat va me’morchilik Markaziy Osiyodagi madaniy yuksalishning yorqin aksi sifatida” sho‘balariga bo‘lingan holda davom etdi.

– Biz o‘tmishdagi tibbiyot yoki bugungi zamon meditsinasi haqida gapirganda, birinchi navbatda, Abu Ali ibn Sino qarashlariga tayanamiz, – deydi Fransiyadagi Avitsenna assotsiatsiyasi prezidenti Mark Bonnel. – Chunki alloma asarlarida qayd etilgan fikrlar, kasalliklar alomati va ularni davolash yo‘llari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, ayni paytda zamonaviy tibbiyotda taklif etilayotgan ko‘plab davolash usullari va muolajalar Ibn Sinoning tibbiyotga oid kitoblarida sodda tilda bayon etilgan. Shuning uchun hali buyuk tabib ilmiy merosini o‘rganish borasida katta va keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borishimiz lozim.

Markaziy Osiyo Renessansida muhim o‘rin tutgan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganishda mamlakatimiz va xorijlik olimlarning o‘zaro fikr almashishi, ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlashi uchun qulay imkoniyat yaratgan mazkur xalqaro anjuman davomida 50 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Muhokama etilgan mavzular yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilib, ushbu yo‘nalishda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.

 

Комментарии
Информация Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации. Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь. Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.